• Слайдер #1

Yangiliklar

O‘zbekiston – Koreya: malakali kadrlar tayyorlash doimiy e’tiborda

O‘zbekiston – Koreya: malakali kadrlar tayyorlash doimiy e’tiborda
21 Iyun 2018
|
1103

O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari jadal rivojlanib bormoqda. Bunga o‘zbek va koreys xalqlari xarakteridagi mehnatsevarlik, oriyat, vatanparvarlik, shuningdek, boy tarix va milliy an’analarga sadoqat tuyg‘ulari ma’naviy zamin bo‘lib xizmat qilmoqda.

O‘zaro hamkorlik tarixini ko‘plab qo‘shma korxonalar, birgalikda amalga oshirilgan yirik loyihalar hamda zamonaviy kadrlar tayyorlashdagi yordam, madaniy-ma’rifiy tadbirlar bezab turibdi. O‘zbekistonda avtomobilsozlik sanoatining paydo bo‘lishi va yuksalishida bu mamlakat ko‘magini e’tirof etmaslikning iloji yo‘q.

Ayniqsa, ilm-fan, ta’lim sohalaridagi o‘zaro munosabatlar keng ko‘lam kasb etmoqda. Bu borada Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik institutining Janubiy Koreyadagi ko‘plab oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorligi yuqori samara berayotgan bo‘lsa, Toshkentda Inha universitetining ochilishi kadrlar tayyorlash milliy tizimida yangi yo‘nalishga tamal toshi qo‘ydi.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Chungnam, Seul, Xanbat, Gangneun-Vonju, Gyongsang Milliy universitetlari, Inha, Kyonggi universitetlari, Koreya texnologiyalari va ta’lim, Xankuk xorijiy fanlar, politexnika universitetlari, Gvanju fan va texnologiyalar, Koreya taraqqiyot institutlari, shuningdek, Tinch okeani nazariy fizika markazi va Koreya atmosfera muhiti jamiyatlari bilan muntazam aloqalar bog‘lagan.

– Ta’lim muassasamiz Janubiy Koreyaning 15 ga yaqin ilmiy markazi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan, – deydi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori D.Jumaboyev. – Qariyb 20 yil davomida qator ilmiy simpoziumlar, xalqaro konferensiyalar o‘tkazildi. Ikki davlat oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari o‘zaro tajriba almashuvi yo‘lga qo‘yildi. Bu tadbirlarda talabalar ham faol ishtirok etmoqda. Tajriba shuni ko‘rsatdiki, ikki tomonning bir-biridan o‘rganadigan jihatlari ko‘p. Ayniqsa, kompyuter texnologiyalari va axborot-kommunikatsiya tizimini tashkil qilish borasidagi yangiliklar diqqatga sazovor.

Mustaqillikning dastlabki yilida Koreya Respublikasi bilan o‘zaro samarali hamkorlik qilish maqsadida Toshkent davlat sharqshunoslik institutida koreys filologiyasi kafedrasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. O‘tgan yillar mobaynida O‘zbekistonda koreysshunoslikni rivojlantirishning dastlabki bosqichida milliy kadrlarga ehtiyoj juda yuqori bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kunda bu masala to‘liq yechimini topdi. Mamlakatimizdagi filolog-koreysshunoslarni tayyorlovchi yagona markaz hisoblanuvchi oliygoh tizimida bugungi kunga qadar koreys tili va lingvistikasi hamda adabiyotibo‘yicha qator ilmiy ishlar olib borildi. Shu bilan birga, koreyscha lug‘atlar va atamalar ustida ishlar olib borilib, mukammal qo‘llanmalar chop etildi. Sharqshunoslik instituti talabalari Seul va Gyongsang Milliy universitetlarida ilmiy izlanish va ko‘nikmalarini boyitib keldi.

Ilmiy hamkorlik borasidagi munosabatlar ham yangi bosqichga ko‘tarildi. O‘tgan davrda mamlakatlarimiz tarixi, madaniyatini tadqiq qilish sohasida ulkan yutuqlarga erishildi. Ikki mamlakat bir-birini yaqindan o‘rgandi, tanidi, bir-biriga qiziqishi ortdi. Toshkentda Inha universitetining ochilishi bu yaqinlikni yanada mustahkamladi.

Mazkur oliy o‘quv yurtining paydo bo‘lish tarixi ma’rifatga e’tibor, o‘z qadr-qimmatini tushunishga yorqin misol bo‘la oladi. Taqdir taqozosi bilan AQSHning Gavayi shtatiga borib qolgan koreyslar o‘z ona shaharlari Incheonda shaxsiy mablag‘lari evaziga ushbu oliy o‘quv yurtini tashkil etishga kirishadi va uni “Inha” (Incheon va Gavayi so‘zlarining birinchi bo‘g‘inidan) deb atashga qaror qiladi. 1952 yildan faoliyat yuritayotgan ushbu o‘quv maskani zamonaviy kadrlar tayyorlashda o‘ziga xos salohiyatga ega. Ana shu nufuzli oliygohning 2014 yilda Toshkentda Markaziy Osiyodagi yagona filiali ochildi. Uni tashkil etishdan maqsad jamiyat va millat taraqqiyoti uchun, yurtimizda axborot texnologiyalari sohasi rivoji yo‘lida o‘z hissasini qo‘sha oladigan, yuqori malakali, har tomonlama barkamol mutaxassislarni yetkazib berishdir. Oliy ta’lim muassasasi o‘z oldiga qo‘ygan ustuvor vazifadan kelib chiqib, talabalarga xalqaro standartlar asosida bilim bermoqda. Ayni paytda universitet huzurida magistratura tashkil qilingan, bakalavriat yo‘nalishi elektron biznes sohasi bilan kengaytirilgan.

– Logistika zamonaviy kommunikatsiyaning yangi ko‘rinishlaridan biri. Dunyo iqtisodiyotida unga talab kuchli, – deydi“Logistika” yo‘nalishi uchinchi bosqich talabasi Gamzat Teshayev. – Men Koreyada bilim va ko‘nikmamni oshirib, kompyuter dizayni, dasturlash tili, operatsion tizimlar, mikroprotsessor va sohaning yutuqlarini mukammal o‘rganmoqchiman. Niyatim – O‘zbekistonda komp’yuter tili va dasturlash tizimining rivojlangan davlatlar logistikasi darajasiga chiqishida o‘z hissamni qo‘shish.

Hozir Toshkent shahridagi Inha universitetida 700 ga yaqintalaba tahsil olmoqda. Bitiruvchilarga O‘zbekistonda oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida e’tirof etiladigan Inha universiteti (Koreya Respublikasi)ning belgilangan namunadagi diplomi beriladi. Iqtidorli talabalar uchun ko‘plab imtiyozlar mavjud. Kirish imtihonlarida eng yuqori natija ko‘rsatgan 10 talaba bepul o‘qish huquqiga ega bo‘ladi. Shuningdek, o‘quv semestri yakunlari bo‘yicha eng yaxshi natija ko‘rsatgan yana 10 nafar talaba keyingi semestrda bepul o‘qish yoki semestr uchun to‘lovning yarmidan ozod bo‘lish huquqini qo‘lga kiritadi. Inha universiteti iqtisodiyotga o‘z bilimi bilan xizmat qiladigan malakali kadrlarni yetkazib beradi.

Statistik malumotlarga qaraganda, so‘nggi besh yil ichida Janubiy Koreyadagi Inha universitetini bitirgan talabalar Samsung, LG Electronics, Hyundai, Samsung SDS, LG CNS, MBN, Sambo Computers, Lotte Information and Communications kabi dunyoning nufuzli korporatsiyalarida, shuningdek, hukumat muassasalari, moliya agentliklari, ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari, maktab va boshlang‘ich kompaniyalarda o‘z iste’dodini namoyish etib kelmoqda. Bu yil ular safiga Toshkentdagi Inha universitetining ilk bitiruvchilari ham qo‘shiladi.

Yurtimizda Janubiy Koreya bilan aloqalarni mustahkamlash yo‘lida ko‘plab madaniy tadbirlar o‘tkazilib, bu do‘st mamlakat bilan yaqin muhit yaratilayotgan bo‘lsa, Janubiy Koreyada ham shu kabi tadbirlar keng miqyosda tashkil etiladi. Jumladan, oliy o‘quv yurtlarida o‘zbek tilini o‘rganishga ixtisoslashgan yo‘nalishlar tobora ko‘paymoqda. Umuman, maqsadi mushtarak, niyatlari ezgu ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy hamkorlik turli jabhalarda baravj rivojlanmoqda.

Manba: O'zA


Ko'rishlar: 1044