• Слайдер #1

Yangiliklar

Xalqimizning ertangi kunga ishonchi, yaxshi yashashga intilishi va ishtiyoqi ortmoqda

Xalqimizning ertangi kunga ishonchi, yaxshi yashashga intilishi va ishtiyoqi ortmoqda
22 May 2018
|
1197

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, yirik loyihalar bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 19-20 may kunlari Andijon viloyatida bo‘ldi. 

Prezidentimiz 2017-yil 2-3 iyun kunlari viloyatga tashrifi chog‘ida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayoni bilan tanishar ekan, bir qator istiqbolli loyihalarni amalga oshirish yuzasidan topshiriqlar bergan edi. O‘tgan vaqt mobaynida ana shu yo‘nalishda salmoqli ishlar amalga oshirildi. 

O‘tgan yilgi tashrifdan so‘ng ishlab chiqilgan 2017-2018 yillarga mo‘ljallangan dasturga muvofiq, viloyatda 2017-yilda umumiy qiymati 1,5 trillion so‘m bo‘lgan 3 mingdan ziyod loyiha amalga oshirildi. Buning natijasida iqtisodiy-ijtimoiy sohalarda sezilarli o‘sishga erishildi. Muhimi, odamlarning ertangi kunga ishonchi mustahkamlanib, yaxshi yashashga intilish va ishtiyoqi ortdi. Bu yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim samarasidir. 

Davlatimiz rahbarining Andijonga bu galgi safari davomida avvalgi tashrif asnosida berilgan topshiriqlar ijrosiga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, viloyatni yanada rivojlantirishga qaratilgan yirik loyihalar ijrosining borishi, aholining talab-ehtiyoji bilan bevosita tanishish va bu boradagi kelgusi rejalarni belgilash diqqat markazida bo‘ldi. 

Prezidentimiz o‘tgan yili Andijon tumani Xakan qishlog‘ida “Milana textile” mas’uliyati cheklangan jamiyatining trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish loyihasi bilan tanishgan edi. 

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 23-fevraldagi “Tadbirkorlarning ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanishlarini yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida 9 milliard so‘m investitsiya kiritish, 200 yangi ish o‘rni yaratish sharti bilan korxonaga Xakan qishlog‘ida bir gektar yer maydoni va foydalanilmay turgan bino “nol” qiymatda berildi. 

Korxona “Aloqabank” viloyat filialidan olingan 2 milliard so‘m kredit hamda 7 milliard so‘m o‘z mablag‘i hisobidan uch qavatli bino qurib, zamonaviy jihozladi. Xorijdan keltirilgan tikuv dastgohlari ishlab chiqarish hajmini oshirish va mahsulot sifatini yaxshilashga xizmat qilmoqda. 

Bu yerda ayollar va bolalar uchun ishlab chiqarilayotgan 20 dan ortiq turdagi trikotaj mahsulotlarining asosiy qismini eksport qilish rejalashtirilgan. Eng muhimi, fabrika ishga tushirilishi bilan tumandagi 200 nafardan ortiq xotin-qiz doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi. 

Shu yerda “Har bir oila – tadbirkor” dasturining Andijon viloyati misolidagi konsepsiyasi namoyish qilindi. Ushbu dastur mehnat bilan band bo‘lmagan aholini tadbirkorlik, hunarmandlik, fermerlik, kasanachilikka o‘rgatish orqali ularga daromad manbai yaratib berishga qaratilgan. 

– Andijonda aholi zich joylashgan. Bir-ikkita zavod bir foiz aholiniyam ish bilan ta’minlay olmaydi. Bu yerda odamlarni faqat tadbirkorlik, hunarmandlik orqali boqish mumkin. Xonadonlarga mablag‘ va zarur uskunalar berib, ish yuritishni o‘rgatsak, odamlar o‘zini o‘zi boqadi. Oilasini oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa zarur mahsulotlar bilan ta’minlashga qiynalmaydi. Sarflagan pulimiz bir yildan keyin ikki hissa bo‘lib qaytadi. Odamlarni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlikka o‘rgatishning iqtisodiy mexanizmi mana shunday bo‘lishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Prezidentimiz Andijon viloyatiga o‘tgan yilgi tashrifi chog‘ida dori-darmon ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha ham topshiriqlar bergan edi. Ushbu ko‘rsatmalar ijrosini ta’minlash maqsadida Andijon tumanidagi “Zamin Bio Health” mas’uliyati cheklangan jamiyati insulin dori vositasi ishlab chiqarish korxonasini barpo etdi. 

Tumanning Xartum qishlog‘ida joylashgan bu zavod Markaziy Osiyoda yagona bo‘lib, yiliga 10 million flakon dori vositasi ishlab chiqarish quvvatiga ega. 

Shu paytgacha insulin yurtimizga chetdan keltirilgan. Zavodning ishga tushirilishi bilan ushbu dori vositasi importi hajmi kamayadi, valyuta tejaladi, qolaversa, narx pasayadi. Masalan, hozirgi paytda bir flakon insulinning bozor narxi 36 ming so‘m bo‘lsa, mazkur korxona bu dorini 20 ming so‘mdan yetkazib berishi mumkin. 

Loyiha qiymati qariyb 28 milliard so‘m bo‘lgan zavodga Germaniya, Fransiya, Shveysariya, Xitoy, Hindistondan zamonaviy uskuna va texnologiyalar keltirib o‘rnatildi. 

– Bu juda dolzarb ijtimoiy ahamiyatga ega loyiha, – dedi Shavkat Mirziyoyev zavod mutasaddilari bilan muloqotda. – Insulinga ehtiyoji bor bemor dori topolmasa, hayoti xavf ostida qoladi, chorasini ko‘rmagan, deb bizdan norozi bo‘ladi. 

Prezidentimiz mahalliy ishlab chiqaruvchilar bozorga kirib, raqobatbardosh bo‘lguncha ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, dori substansiyalarini ro‘yxatdan o‘tkazishda ko‘maklashish bo‘yicha topshiriqlar berdi. 

Shu yerda "Zamin Bio Health” mas’uliyati cheklangan jamiyatida kukunli antibiotik ishlab chiqarish, viloyatda farmatsevtika sanoatini rivojlantirishga oid boshqa loyihalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. 

19 may kuni Andijon tumanidagi “Andijan Silk.Co” O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasi pillani qayta ishlab, undan tayyor mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha yirik majmuani ishga tushirdi. Prezidentimiz korxona faoliyatiga start beruvchi ramziy tugmani bosdi. Bu yerda amalga oshirilgan ishlarni ko‘zdan kechirdi. 

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 29-martdagi qarori asosida tashkil etilgan “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tomonidan bugungi kunda tarmoqni jadal rivojlantirish, sohaga innovatsion texnologiyalarni jalb etish, ipak qurtini yangicha usulda parvarishlash, xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribasini o‘rganish orqali pilla sifati va miqdorini oshirish, ayollar va yoshlarni doimiy ish bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

“Andijan Silk.Co” qo‘shma korxonasining qurilish ishlariga 5 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Pillani qayta ishlashni tashkil etish uchun 2 million 100 ming dollar evaziga Xitoyda ishlab chiqarilgan ip yigiruv va tikuv mashinalari keltirib o‘rnatildi. Natijada 150 kishi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi. Joriy yil oxirigacha ishchilar soni 300 taga yetkaziladi. 

Korxona to‘liq quvvat bilan ishlay boshlagach, yiliga 300 tonna pilla qayta ishlanadi. 2018-yilning o‘zida 5,1 million dollarlik tayyor mahsulot eksport qilish imkoniyati yaratiladi. 

– Butun dunyoda sifatli ipak matolarga talab katta. Bundan yiliga uch marta daromad olsa bo‘ladi. Demak, pillachilikni rivojlantirish, ko‘proq barg beradigan tut plantatsiyalarini ko‘paytirish kerak, – dedi davlatimiz rahbari. 

Shu yerda trikotaj, charm-payabzal, qurilish materiallari, ip-kalava va gazlama ishlab chiqarishga mo‘ljallangan loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. 

Davlatimiz rahbari Andijon viloyatiga o‘tgan yilgi tashrifi davomida Asaka tumanida zamonaviy issiqxona tashkil etish loyihasi bilan tanishgan edi. “Asaka” bankining tuman filialidan loyiha uchun 1,5 million dollar mablag‘ ajratilib, “Sabo hamkor” MCHJ tomonidan 5,8 gektar maydonda gidroponika usulida banan va pomidoretishtiriladigan 2 ta issiqxona barpo etildi. Turkiyaning “Asya Modern Serachilik” kompaniyasi bilan tuzilgan shartnomaga asosan ushbu mablag‘ evaziga xorijdan issiqxona uskunalari olib kelindi. 

“Sabo hamkor” MCHJ tomonidan bu yerga qo‘shimcha 500 ming dollar mablag‘ sarflanib, umumiy qiymati 2 million dollarlik loyiha joriy yil mart oyida to‘liq ishga tushirildi. 

25 ming tup pomidor ko‘chati ekilgan 1 gektarlik issiqxonada joriy yilda 300 tonnagacha hosil olish va qo‘shni davlatlarga eksport qilish mo‘ljallanmoqda. 2 gektarda tashkil etilgan issiqxonada tajriba tariqasida 5 ming tup banan ko‘chati parvarishlanmoqda. Banandan birinchi mavsumda 250-300 tonna hosil olish kutilmoqda. 

Prezidentimiz banan yetishtirilayotgan issiqxonani ko‘zdan kechirdi. Uni kengaytirish, mahsulotni qayta ishlash va saqlash sharoitini yaratish, hosildorlikni oshirish yuzasidan tavsiyalar berdi. 

Davlatimiz rahbariga issiqxonalarning kompyuter orqali boshqariladigan sovutish va mo‘tadil iqlim yaratuvchi tizimi haqida ham ma’lumot berildi. Zamonaviy texnologiya asosida issiqxonalarga o‘z vaqtida kerakli harorat, mineral o‘g‘it va namlik beriladi. 

Turkiyalik hamkorlar ko‘chat parvarishidan to hosil yetishtirishgacha bo‘lgan jarayonni nazorat qilib borish uchun agronomlar jalb qilgan. Shuning hisobiga 2-3 oyda yetiladigan pomidor hosilini 1-1,5 oyda olish, ikki yilda uch marta banan yetishtirish mumkin bo‘ladi. 

Shavkat Mirziyoyev kam ish kuchi sarflab yuqori hosil olish imkonini beruvchi bunday issiqxonalarni ko‘paytirish kerakligini ta’kidladi. 

– Mamlakatimizga import qilinadigan banan pishmasdan uziladi. Tabiiyki, bunday mevada vitamin va ozuqa moddalari kam bo‘ladi. Yurtimizda bunday tropik mevalarni yetishtirish har jihatdan foydali bo‘ladi, qolaversa, valyuta tejaladi, – dedi Prezidentimiz. 

Shu yerda 2018-2019 yillarda Andijon viloyatida agrar sohani rivojlantirishga qaratilgan dastur va loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. 

Davlatimiz rahbariga Andijon viloyatida chorvachilikni rivojlantirishga oid loyihalar to‘g‘risida ma’lumot berildi. Joriy yilda mazkur yo‘nalishdagi 40 loyiha ijrosi natijasida 32 ming tonnadan ziyod sut, 400 tonnadan ortiq go‘sht yetishtiriladi. Tarmoqda jami 649 ish o‘rni yaratiladi. 

O‘tgan yili viloyatga tashrifi davomida Prezidentimiz O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot institutining Andijon filialini tashkil etish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Hozirgi kunda filialda 9 ilmiy xodim faoliyat yuritmoqda. Viloyatda davlat o‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha qator istiqbolli loyihalar ishlab chiqilmoqda. Agar 2016-yilda o‘rmon xo‘jaligi yerlarida atigi 8 gektarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilgan bo‘lsa, rejaga ko‘ra joriy va kelasi yilda bu ko‘rsatkich 830 gektarga yetkaziladi. Adir va tog‘oldi hududlarida pista, yong‘oq, no‘xat, loviya yetishtirilib, ko‘plab doimiy va mavsumiy ish o‘rinlari yaratiladi. 

Davlatimiz rahbari filialda innovatsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha fond tuzish, viloyatda za’faron va na’matak kabi dorivor o‘simliklar yetishtirish bo‘yicha iqtisodiy zona tashkil etish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi. 

– O‘rmon xo‘jaligida innovatsiya qilmasak, daromad olish qiyin, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Shuning uchun Andijon viloyati o‘rmon xo‘jaligida innovatsiyalarni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 3 yilga mo‘ljallangan maxsus qaror qabul qilish maqsadga muvofiqdir. 

Joriy yilda 11 tumandagi 300 gektar maydonda yangi hovuzlar barpo etilib, baliq yetishtirish hajmi 450 tonnaga oshiriladi. Bundan tashqari, tomorqalarda hamda 1050 gektar sholi maydonida Xitoy va Vyetnam texnologiyalari asosida baliq yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi. 

Prezidentimiz baliqchilik, parrandachilik hisobidan aholining go‘shtga ehtiyojini ta’minlash kerakligini ta’kidladi. Shunga muvofiq, tarmoqda hosildorlikni kamida 12-15 ming tonnaga yetkazish vazifasi qo‘yildi. 

Viloyatda meva-sabzavot eksportini oshirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash, to‘qimachilik klasterini tashkil etish, ip yigiruv va to‘quv mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amalga oshiriladigan loyihalar ham muhokama qilindi. Bunday chora-tadbirlar qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish, aholi daromad manbaini yanada oshirishda muhim omil bo‘lishi ta’kidlandi. 

Prezidentimiz Ulug‘nor tumanidagi “Shahriobod” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, bu yerda “Obod qishloq” dasturi doirasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi, aholi bilan muloqot qildi. 

Bugun Shahriobod mahallasi butunlay yangi qiyofa kasb etgan. 3 mingdan ziyod aholi istiqomat qilayotgan qishloqdagi 22 ko‘p qavatli uyning tomlari yangilanib, atrofida qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. 7,3 ming kvadrat metr maydonga bruschatka yotqizildi, yoritish chiroqlari, o‘rindiqlar, 1 ming 570 metr masofaga lotoklar o‘rnatildi. Uylar yonida tandirxonalar qurildi. Bundan tashqari, mahalla idorasi, to‘yxona, hammom, mini-marketlar barpo etildi. 

Mahalla hududida joylashgan tuman “Barkamol avlod” markazi, 20-umumta’lim maktabi, 3-maktabgacha ta’lim muassasasi kapital ta’mirlandi. 

Davlatimiz rahbari oqsoqollar bilan suhbatda mamlakatimizda keng ko‘lamda boshlangan qishloqlarni obodonlashtirish dasturi odamlar hayotiga yangi mazmun olib kirayotgani, bundan odamlarning ko‘ngli tog‘day ko‘tarilib, ertangi kunga ishonchi ortayotganini ta’kidladi. 

– Muborak Ramazon oyi kunlarida Andijon viloyatiga tashrif buyurib, tadbirkorlar va aholi bilan uchrashayotganimiz, viloyat kelajagi uchun katta-katta rejalar qilayotganimiz zamirida chuqur ma’no bor, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Shu ulug‘ kunlarda amalga oshirayotgan ishlarimiz andijonliklar va butun xalqimizga xayr-baraka olib kelsin, obod qishloqlarimiz ko‘paysin. 

Shu kuni Ulug‘nor tumani hokimligida viloyat faollari vamutasaddi rahbarlar ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. 

Videoselektor shaklidagi yig‘ilishda iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, qo‘shimcha manbalar topish hisobidan ish o‘rinlari tashkil etish, ta’lim, tibbiyot sohalarini takomillashtirish, aholi bandligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrifining ikkinchi kuni Sharqiy harbiy okrugga qarashli qismda bo‘lib, yangi Mudofaa doktrinasi ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. 

Harbiy qismlarda bir qator tarkibiy-tashkiliy o‘zgarishlar amalga oshirildi – oziq-ovqat ta’minoti bo‘yicha autsorsing tizimi joriy qilindi, o‘quv binolari, yotoqxonalar, sport zali va maydonlari zamonaviy ta’mirlanmoqda. Bu harbiy xizmatchilarning butun kuch-g‘ayratini professional malaka va jangovar shayligini oshirishga qaratish imkonini bermoqda.

Davlatimiz rahbari harbiy xizmatchilarning sport mashg‘ulotlarida qatnashish jarayoni bilan qiziqdi. 

– Harbiylarimiz jismonan baquvvat, ma’nan yuksak, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi buyuk sarkardalarimizga munosib bo‘lishi kerak, – dedi Prezidentimiz. – Buning uchun ular jismoniy mashg‘ulotlar bilan birga, har kuni kitob o‘qishi, til o‘rganishi, dunyoqarashini kengaytirishi zarur. 

Harbiy qism xizmatchilarining ma’naviyatini yuksaltirish uchun dam olish kunlari bu yerda olimlar va san’atkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkaziladi, sahna asarlari namoyish etiladi. 

Shavkat Mirziyoyev askarlar, ziyolilar bilan suhbatlashdi. Uchrashuvda shaxsiy tarkibning ma’naviy-ruhiy tayyorgarligiga yetarlicha e’tibor qaratish, buning uchun ziyolilar, ma’naviyat targ‘ibotchilari bilan hamkorlikni kuchaytirish lozimligi ta’kidlandi. Harbiylarning yashash sharoitini yaxshilash, ularni uy-joy bilan ta’minlash ishlarini jadallashtirish, joylarda faoliyat yuritayotgan harbiy-ma’muriy sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirish lozimligi qayd etildi. 

Prezidentimiz viloyatga tashrifi davomida Andijon shahrida aholining turmush tarzini yaxshilash, uy-joyga ehtiyojini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar bilan qiziqdi. 

Davlatimiz rahbari viloyatga o‘tgan yilgi tashrifi doirasida Andijon shahrining “O‘zbegim” mahalla fuqarolar yig‘inida barpo etilayotgan 7 qavatli 5 ta uy bilan tanishib, bu yerni zamonaviy massivga aylantirish bo‘yicha tavsiyalar bergan edi. 

Sobiq konserva zavodining o‘rni bo‘lgan bu yerlar qarovsiz, ko‘rimsiz joylar edi. Prezidentimizning topshirig‘idan so‘ng bu yerda 5 ta uy qurilib, 2017-yil dekabr oyida o‘z egalariga topshirildi. Uylar bilan birga hududga oroyish berib turgan zamonaviy infratuzilma barpo etildi, atrofga o‘rindiqlar o‘rnatilib, bolalar maydonchalari, mini-market, do‘kon, novvoyxona, avtoturargoh qurildi. 

Ayni paytda davlatimiz rahbarining topshirig‘i asosida hududda yana 9 ta, shahar bo‘yicha jami 14 ta ko‘p qavatli uy qurilmoqda. Turar-joylarni joriy yil sentyabr oyida o‘z egalariga topshirish ko‘zda tutilgan. 

Mahallaning shimoliy qismidagi hovlilar o‘rniga ham ko‘p qavatli uylar, 1000 o‘rinli maktab, 280 o‘rinli bog‘cha, mehmonxona, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari qurish rejalashtirilgan. 

Prezidentimiz Andijonda aholini uy-joy bilan ta’minlash dolzarb ekanini inobatga olib, shu yilning o‘zida qo‘shimcha yana beshta 7 qavatli uy qurish bo‘yicha topshiriq berdi. 

– Shu tariqa bu yil Andijon shahrida 19 ta, yaqin yillarda jami 50 ta ko‘p qavatli uy bunyod etiladi. Yangi uylar Andijonda uy-joyga ehtiyojni ta’minlashga erishish imkonini beradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Shu yerda Andijon shahrining 2035-yilgacha mo‘ljallangan Bosh rejasi va shaharda amalga oshiriladigan boshqa ijtimoiy infratuzilma obyektlarini qurish-rekonstruksiya qilish loyihalari taqdimoti o‘tkazildi. 

Bugungi kunda Andijon shahrida 422 ming aholi 15 ming gektar joyda istiqomat qilmoqda. Prezidentimizning o‘tgan yilgi topshirig‘i asosida “O‘zshaharsozlikLITI” DUK tomonidan shaharning yangi bosh rejasi loyihasi ishlab chiqilib, unda Andijon tumani va qisman Oltinko‘l tumani hududidan 6 ming 300 gektar maydonni Andijon shahriga qo‘shish ko‘zda tutilgan. 

Prezidentimiz Bosh rejada ko‘zda tutilgan maqsadlarga e’tibor qaratdi. Andijon shahridagi Devonaboy masjidi hamda Yu.Otabekov ko‘chasini kapital rekonstruksiya qilish loyihalari yuzasidan o‘z taklif va tavsiyalarini berdi. Mazkur ko‘chadan oqib o‘tuvchi kanal bo‘yi obodonlashtirilib, atrofida odamlar dam oladigan sayilgoh barpo etilmoqda. Hozirgi kungacha kanalning 500 metr qismidagi ishlar bajarilgan, Mustaqillik bayramigacha 3,5 kilometrlik qismi to‘liq obod etiladi. 

Shavkat Mirziyoyev barcha loyihalarni bajarishda sifat va muddatga e’tibor qaratish, uzoq kelajakni hisobga olish kerakligini ta’kidladi. 

Manba: O'zA


Ko'rishlar: 1057